Belarus: tarix ta’mi, tabiat jilosi, qalb harorati
Belarus — bu so‘zda qadimiyat zamonaviylik bilan uyg‘un chatishib ketgan, manzarali tabiati esa go‘zalligi bilan o‘ziga chorlaydi. Bu yerda har kim o‘zi uchun nimadir topadi: xoh u qadim-qadim zamonlar qa’riga qiziqarli sayohat bo‘lsin, xoh ko‘l bo‘yida osoyishta dam olish, xoh xalq bayramlarida ishtirok etishdan olingan yorqin taassurotlar.
Minsk — qadimiyat ixlosmandlari uchun ideal tanlov. Boy, ming yillik tarixga ega shahar ko‘plab me’moriy durdonalarni o‘zida saqlab kelmoqda. Eski shaharning sokin ko‘chalari bo‘ylab sayr qiling, mahobatli Muqaddas Ruh soborini tomosha qiling, XIX asr uylari saqlanib qolgan «Tarixiy qatorlar» majmuasiga tashrif buyuring yoki G‘alaba maydonida sovet davri muhitiga sho‘ng‘ing. Mamlakat va uning xalqi taqdiri haqida ko‘proq bilib olish uchun Belarus tarixi milliy muzeyiga borish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang.
Agar qalbingiz sukunat va tabiat bilan uyg‘unlikni qo‘msasa, albatta Polesye bo‘ylab sayohatga yo‘l oling. Bu yerda Sizni cheksiz yashil tekislik, jilolanib turgan ko‘llar va afsonalarni saqlab kelayotgan qadimiy o‘rmonlar kutadi. Pripyat daryosi bo‘ylab qayiqda sayr qiling, Belarus ramzi — zubrlar yashaydigan noyob «Belovejskaya Pushcha» milliy bog‘iga tashrif buyuring yoki shunchaki bokira tabiat qo‘ynida sukunat va osoyishtalikdan bahramand bo‘ling.
Pridvinye o‘lkasi — tiniq ko‘llar, qumli plyajlar va ignabargli o‘rmonlar saltanati. Bu yerda shovullayotgan qarag‘aylar orasidagi shinam agrousadbada dam olish, manzarali ko‘lda baliq ovlash yoki sharqiy slavyan mintaqasining eng yirik uchta daryosidan biri — Dvina bo‘ylab yelkanli qayiqda sayr qilish mumkin. Sermazmun kundan so‘ng esa yangi mahalliy mahsulotlardan tayyorlangan Belarus oshxonasi taomlarini tatib ko‘rish mumkin.
Belarus oshxonasi umuman olganda gurmanlar uchun chinakam bayram. Pampushkalar bilan xushbo‘y borshch, smetanali sershira draniki, turli ichlikli juda mazali vareniklar yoki rezavor va mevalardan tayyorlangan an’anaviy kiselni tatib ko‘ring. Belarus nonini ham unutmang — u shunchaki og‘izda erib ketadi.
Belaruslarning asl hayotiga sho‘ng‘ishni istaganlar uchun xalq bayramlaridan biriga borish arziydi. Maslenitsa, Kupalye yoki Dojinki — musiqa, raqs, quvnoqlik va an’anaviy Belarus o‘yin-kulgilariga to‘la yorqin tadbirlar.
Belarus turizmning barcha turlari uchun ochiq: piyoda yurishlar va daryolar bo‘ylab sol sayrlari bilan faol ekoturizmdan tortib ko‘l bo‘yidagi osoyishta dam olishgacha. Ov va baliq ovi ixlosmandlari bu yerda a’lo sharoitlar topadi, sportchilar esa zamonaviy sport majmualarini. Minskda xarid ishqibozlari xizmatiga ko‘plab savdo markazlari va butiklarning eshiklari ochiq.
Belarusga yangi taassurotlar uchun, boy madaniyat va mehmondo‘st odamlar bilan tanishish uchun kelishadi. Bu yerda Siz izlagan narsangizni topasiz: tarixiy diqqatga sazovor joylardan tortib manzarali tabiatgacha, mazali taomlardan tortib yorqin xalq bayramlarigacha!
Andrey, BelDiscovery direktori